ZAMONAVIY PEDAGOG −KUCHLI MAHORAT EGASI Zebiniso Kabilova Andijon viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi Tillarni oqitish metodkasi kafedrasi mudiri, f.f.n. Mutaffakirlar mutafakkiri hazrat Alisher Navoiy bizgacha tilga berilgan e’tibor orqali elga bo‘lgan e’tiborni anglab yetish mumkin ekanligini asoslab bergan. Mustaqillik sharofati bilan ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tili Davlat tili yuridik maqomiga erishdi. Bu esa hammamizdan ona tilimizga bo‘lgan hurmat-e’tibor, extiromni qonuniy talab qiladi. Davlat tili (o‘zbek tili) O‘zbekiston Respublikasining o‘zbek xalqi, milliy bayrog‘i, gimni, gerbi kabi hayotiy muhim qismidir. O‘zbek tili davlat tili mavqei berilgan tarixiy sanaga e’tiborimizni qarataylik. O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi milliy tilga e’tibordan boshlandi. Milliy tilimizda faxr va iftixor bilan mustaqilligimiz, siyosiy ramzlarimiz e’lon qilindi. Ushbu tarixiy voqeaga 30 yil bo‘ldi. YuNESKO tashkiloti ekspertlari tomonidan 1953-yilda “davlat tili” va “rasmiy til” tushunchalarini farqlash taklif etilgan. Demak o‘zbek tili davlat tili hamda davlatning ramzi sifatida uning keng taraqqiy etishi uchun siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarini birlashtiruvchi vazifasini amalga oshiradi. Rasmiy til sifatida esa davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud jarayoni tili hisoblanadi. Til va uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalangan holda davlat boshqaruvi, qonunchilik, sud jarayoniga mas’ul shaxslarning asos va dalillarni to‘g‘ri fikrlab, to‘g‘ri yetkazib bera olish - ular faoliyatining eng muhim jihati hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-5850-son Farmoniga binoan uning huquqiy asosini yanada mustahkamlash va maqomini yanada yuksaltirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi. O‘zbek tili ulug‘ ajdodlarimizning boy merosidir. Xalqimiz o‘zida ushbu merosga voris ekanligini faxr bilan his etishi kerak. Zamonaviy pedagog oldida ham o‘z faoliyatini milliy yuksalish sari tamoyiliga tayangan holda taskil etish masalasi turibdi. Mustaqillikning dastlabki davrlaridanoq mamlakatimizda tinchlik hamda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda yosh avlodda komil inson shaxsini shakllantirish ham davlat ahamiyatiga molik asosiy masala qilib belgilab qo‘yildi. Xalqimiz “Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lar” - degan naqlni bejiz yaratgan emas. Pedagogning asosiy ish quroli – so‘z. Pedagog har bir so‘zning ma’nosini uqqan holda undan unumli foydalana olish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Tilimizning ravnaqiga to’siq bo’luvchi har qanday hodisalarga qarshi turish, bartaraf etish uchun boy so‘zlar zahirasiga ega bo‘lishlari lozim. Chunki pedagog oldida yosh avlodga zamon talablari darajasida ta’lim va tarbiya berish, unda barkamol shaxs sifatlarini shakllantirish – zarur va ishlaydigan bilimlar bilan ta’minlash vazifasi turibdi. Pedagog avvalo, o‘z ona tilisida yoki o‘zga bir tilda to‘g‘ri, madaniy gapira olish va yoza olish malakasini shakllantirishi, o‘quvchi uchun zarur bo‘lgan bilimni unga tushunarli holda yetkaza olishi lozim. Negaki, insoniyat qo‘lga kiritgan tajriba, bilimlarni saqlash va kelajak avlodlarga yetkazish kabi o‘ta muhim va mas’uliyatli vazifalar bevosita yozuv orqali amalga oshadi. Pedagog o‘z faoliyatida og‘zaki nutqini qayd etadi, uni zamon va makonda saqlaydi. Yozma nutq til mavjudligining bir shaklidir. Pedagog nutqning har ikkala shaklini puxta egallagan kuchli mahorat egasidir. Pedagog ham o‘z navbatida kasbiy, shaxsiy, umummadaniy, maxsus va boshqa muhim kompetensiyalarni egallagan bo‘lishi, xususan o‘z ona tilisini chuqur bilishi zarur. Tilning, avvalambor, pedagog tomonidan qanday maqsadlarda qo‘llanishi muhim omil sanaladi, uning kasbiy mahoratini oshirishda asosiy e’tibor uning tiliga bo‘lgan munosabati, uni qo‘llashdagi maqsadlariga, ya’ni turli nutqiy aktlardagi ongli ishtiroki, nutqiy akt jarayonida fonetik uslubiy vositalar - ovoz, ohang, tembr, diksiya, ritm va boshqalardan maqsad va niyatlarini qay yo‘sinda ifodalashiga qaratilishi lozim. Tilning fonetik vositalari ko‘rish, eshitish va talaffuz orqali zohir bo‘ladi. Ovozning tiniqligi, yoqimliligi albatta, pedagogning kundalik va kelajak mavqeini belgilaydi. Ovoz ham umr singari olloh tomonidan berilgan ne’matdir. Undan o‘rinsiz va nooqilona foydalanish pedagog hayoti va faoliyatini yanada murakkablashtiradi. Pedagogning o‘qish, og‘zaki va yozma nutq jarayonlarini puxta bilishi kompetensiyviylikning asosini tashkil etadi. To‘g‘ri nutqni shakllantirish va takomillashtirish til qonunlarini puxta o‘zlashtirishni taqozo etadi. Mavjud ilmiy materiallarga asoslanib shuni aytish mumkinki, nutqning o‘ziga xos tabiatini anglash pedagogga o‘quvchilar va atrofdagilar bilan to‘g‘ri, o‘rinli muloqotni tashkil etishga, og‘zaki va yozma matnlarni yanada yaxshiroq uqishga yordam beradi hamda savodxonlikni oshirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Lisoniy fonetik vositalarning asosiy vazifasi kishida yangi va yangi fikrlar va g‘oyalarni uyg‘otishdan iboratdir. Inson hayotidagi yaxshi amallar, hurmat-e’tibor, ro‘shnolik, baraka til tufayli amalga oshadi. Buning aksi ham til tufayli sodir bo‘ladi. Pedagogning innovatsion faoliyatini belgilovchi asosiy omil uning tiliga, o‘z nutqiga bo‘lgan ijobiy munosabatidir. Uning o‘z tiliga bo‘lgan e’tibori oilasidagi muhit, jamiyatdagi o‘rnini belgilaydi. Pedagog o‘z ehtiyojlari va tasavvurlari, taassurotlari va dunyoqarashi negizida harakat qiladi, ya’ni u o‘z nutqining ahamiyatli bo‘lishi uchun tilning fonetik vositalaridan unumli foydalanadi. Bu esa nutqning mazmunan pishiq, uslubiy ravon, shaklan hissiy bo‘lishida juda ahamiyatlidir. Muloqot jarayonida olingan, to‘plangan bilimlar pedagog xulqini, fe’l-atvorini boshqarishga yordam beradi. Pedagog yuqori madaniyat egasi, yetuk mutaxassis, o‘z kasbining mohir ustasi kabilarga, albatta, tili orqali erishadi. Pedagogning o‘zi ijtimoiy jihatdan mukammal shakllangan, mustaqil fikrlaydigan, nutq va muloqot madaniyati yuksak rivoj topgan, har tomonlama savodxon shaxs bo‘lishi davr talabidir. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF-5850-son Farmoni. 2. I. Qo‘chqortoyev. Badiiy nutq stilistikasi. Т., 1975 3. R. Qo‘ng‘urov. O‘zbek tilining tasviriy vositalari. Т., 1977 4. Azizxo‘jayeva N.N. O‘qituvchi tayyorlashning pedagogik texnologiyasi. -Т.: ТDPU. 2000. 5. Bekmirzayev Norqul. Nutq madaniyati va notiqlik asoslari. «Фан» 2007.